Prezidentimizning 16-apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga universitet maqomi berilishi muhim tarixiy voqelik biri boʻldi.
Bu quvonchli xabar koʻpchilik qatori meni ham toʻlqinlantirdi. Mazkur taʼlim dargohida tahsil olgan yoshlardan biri sifatida qaror va unda belgilangan vazifalar yangi maqomdagi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining ilmiy salohiyatini yana-da oshirish, tarixda yashab oʻtgan buyuk sharq olim va mutafakkirlari qoldirgan asarlar, qoʻlyozmalarni oʻrganib, ularning boy merosini bugungi avlodga kitoblar, qoʻllanmalar holida taqdim eta oladigan yetuk sharqshunos mutaxassislarni tayyorlashda muhim omil boʻlib xizmat qilishini chuqur his etib turibman.
Qaror asosida universitetda yangi kafedralar tashkil etish, xorij universitetlari bilan aloqalar oʻrnatib, hamkorlik qilish, sharqshunoslik sohasida taʼlim va ilm yoʻnalishlarining oʻzaro uzviyligini, oʻquv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini taʼminlash, taʼlim jarayonlariga yetuk sharqshunos olimlarni jalb etish kabi keng koʻlamli ishlar kelajakda oʻz samarasini berishiga ishonamiz.
Faoliyatimni olis yurtlarda davom ettirayotganimga qaramay, oʻzim tahsil olgan mazkur taʼlim dargohi jamoasi, mendan oʻz bilim va maslahatlarini ayamaydigan qadrdon ustozlarim bilan hech qachon aloqalarimiz uzilmagan va hamisha ular bilan sohadagi yangiliklar haqida oʻrtoqlashib turaman. Kelgusida bu hamkorlikni davom ettirib, universitet talabalariga onlayn kurslar, mahorat darslari oʻtishda oʻz hissamni qoʻshishga doim tayyorman. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasini tarixiy qaror bilan qutlab, zimmalariga yuklatilgan ishonch va masʼuliyatni toʻlaqonli ado etishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilayman!
Aziza Shonazarova,
AQSHning Kolumbiya universiteti professori