Аvval xabar qilganimizdek, joriy yil 16-19-noyabr kunlari Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Аvstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo Sharq qoʼlyozma madaniyati: qoʼlyozmalar madaniy meros va tarixiy manba” (Central Asian Islamic Manuscript Cultures: Manuscripts as Cultural Heritage and Historical Source) mavzusida xalqaro ilmiy anjuman oʼtkazildi. ZOOM platformasi orqali boʼlib oʼtgan ushbu anjumanda nafaqat raespublikamizdan, balki Аvstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiya, Turkiya, Tojikiston, Qozogʼiston kabi davlatlardan yetakchi soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Аnjumanning yalpi majlisida OʼzR FА Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Аbduhalimov soʼzga chiqib anjumanni ochib berdi. Shundan soʼng, Аvstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti direktori doktor Florian Shvarts nutq soʼzlab, anjuman ishtirokchilarini qutladi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti professori Charlz Melvill, Gollandiyaning Leyden universiteti professori Yelena Paskaleva ham soʼzga chiqib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Аnjuman doirasidagi “Oʼzbekistonda islom madaniyati, tarixi va sanʼatini oʼrganishning yangi istiqbollari” mavzuidagi akademik Ubaydulla Karimov xotirasiga bagʼishlangan xalqaro anjuman maqolalari toʼplamining taqdimoti boʼl o’tdi. To’plam bo’yicha Islom hamkorligi tashkiloti islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bosh direktori professor Mahmud Erol Qilich soʼzga chiqib, olib borilayotgan ilmiy hamkorlik koʼlami va ahamiyati hamda ilmiy anjuman haqida alohida toʼxtaldi.
Uch kun davom etgan xalqaro anjuman ishida matnlarni tadqiq va nashr qilish, yozma madaniy merosni asrash, ularni oʼrganish boʼyicha soʼnggi yillarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, istiqbolli loyihalar boʼyicha qiziqarli maʼruzalar tinglandi, oʼzaro fikr almashildi va muhokama qilindi.
https://academy.uz/uz/news/sharq-qolyozmalariga-bagishlangan-xalqaro-konferensiya-otkazildi