SJ News II - шаблон joomla Авто

"ADOLAT" SOSIAL-DEMOKRATIK PARTIYASI

Sunday, 08 September 2024 04:38

DAVLAT MUKOFOTINI TANTANALI TOPSHIRISH MAROSIMI

Rate this item
(0 votes)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-avgustdagi farmoni (“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”) ga muvofiq mamlakatimiz iqtisodiyoti, ilm-fani va madaniyatini rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga munosib topilganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Rahimov Komiljon Rahmatovich ham “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi. Ushbu davlat mukofotini tantanali topshirish marosimi 6 sentabr kuni institutda direktor boshchiligidagi xodimlar jamoasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakili Abduvahob Abduqodirov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirni mazkur farmonning Komiljon Rahimovni mukofotlash to‘g‘risidagi matnini o`qish bilan ochib bergan Institut direktori, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov institut xodimining bunday faxriy davlat mukofotiga munosib deb topilgani O‘zbekiston rahbari va hukumatimiz tomonidan respublikada ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibordan, shuningdek, muassasamiz xodimlari erishayotgan ilmiy yutuqlarinining davlat miqyosida e’tirof etilishidan dalolat berishini alohida ta’kidladi.

 

 

Shundan so‘ng yig‘ilganlarning uzoq davom etgan olqishlari ostida Komiljon Rahimovga “Shuhrat” medali tantanali ravishda topshirildi. Taqdirlash marosimidan so‘ng direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Surayyo Ubaydullaevna Karimova so‘zga chiqib, davlat mukofoti sovrindorining samarali ilmiy faoliyati va xizmatlarini qayd etdi. Tadbir so‘ngida Komiljon Rahimov so‘z oldi. U Institut jamoasi va ma’muriyatiga iliq so‘zlar va samimiy tabriklar uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni barcha xodimlarga tegishli deb bilishini va bundan buyon ham O‘zbekistonda sharqshunoslik rivojiga munosib hissa qo‘shish uchun bor kuch-g‘ayratini ayamasligini ta’kidladi.

 

Read 107 times Last modified on Sunday, 08 September 2024 04:43

BIZ BILAN BOG'LANISH

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…