Toshkentda Sharqshunoslik institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Ummon sultonligining meros va madaniyat vaziri Sayyid Haysam bin Tariq al-Sa’id hamda vaqf va din ishlari vaziri Shayx Abdulla bin Muhammad bin Abdulla as-Salimiy ishtirok etdi. Ular institutda yaratilgan keng imkoniyatlar, muzey, ish xonalari, qo‘lyozmalar saqlanayotgan kutubxona, laboratoriya bilan tanishdi. Ish jarayonlarini kuzatdi.
Mehmonlar nodir manbalar, toshbosma kitoblar, miniatyuralar, xattotlik namunalari, tarixiy hujjatlar kolleksiyalarining eng yaxshi namunalari joy olgan ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi.
Mazkur institut binosi 2009-yilda Birinchi Prezident Islom Karimovning Ummon sultonligiga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi imzolangan bitimga binoan ushbu davlat ishtirokida bunyod etildi.
Bino uch qavatli. Kiraverishdagi ichki markaziy atriumning balandligi 16 metrni tashkil etadi. Markaziy zalga kirgan odam al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniyni yodga oladi.
Institutdagi 26 ming qo‘lyozma va 40 mingga yaqin toshbosma to‘plamlari noyob manba hisoblanadi. Ularning yoshi asrlar bilan o‘lchanadi.
Yangi binoda “Yozma yodgorliklarni tadqiq etishning dolzarb vazifalari va zamonaviy uslublari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘ldi. Turli davlatlardan kelgan olimlarning ilm-fan tarixi, buguni va istiqboliga oid ma’ruzalari tinglandi.