SJ News II - шаблон joomla Авто

"ADOLAT" SOSIAL-DEMOKRATIK PARTIYASI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirish, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 avgustdagi “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ–361-son qaroriga muvofiq:

1. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma), YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasining:

YUNESKO bilan hamkorlikda sun’iy idrok sohasida odob-axloqni targ‘ib etish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etish;

Parij shahridagi (Fransiya) YUNESKO bosh qarorgohida 2023 yil 4–8 sentyabr kunlari Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarни (keyingi o‘rinlarda – Ko‘rgazma) yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.

2. Quyidagilar:

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamg‘arma:

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Ko‘rgazmada taqdim etish uchun dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar nusxalaridan iborat Ko‘rgazmaga bag‘ishlangan maxsus katalogning ingliz va o‘zbek tillarida chop etilishini ta’minlasin;

Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining konsert дастурини yuqori saviyada tashkil etsin.

4. Tashqi ishlar vazirligi Jamg‘arma buyurtmanomasiga binoan, Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun taklif etilgan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, xalqaro konsultantlar va tadbir mehmonlarining chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Ko‘rgazmani yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga ko‘maklashsin.

5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etish hamda Ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbalarini belgilasin, shuningdek, uning xarajatlar smetasini tasdiqlasin.

Belgilansinki, Jamg‘arma ushbu qaror ijrosi doirasida xarajatlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq mablag‘lar ajratilguniga qadar o‘z mablag‘lari hisobidan shartnomalar tuzadi va to‘lovlarni amalga oshiradi, shuningdek, mablag‘lar ajratilgandan so‘ng Jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘lar qoplab beriladi.

6. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

           

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                                      Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 25 avgust

 

https://uza.uz/oz/posts/abu-rayhon-beruniy-nomidagi-yunesko-ozbekiston-xalqaro-mukofotini-tasis-etishni-qollab-quvvatlash-togrisida_514440

2023-yilning 22-avgust kuni  O‘zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “O‘zbekiston va Misr munosabatlari: tarix va hozirgi zamon” mavzusidagi konferensiya o‘tkazildi. Mazkur konferensiyada Misr Arab Respublikasi Milliy kutubxona va arxivlar muassasasi direktori Professor Usoma Tal’at boshchiligidagi misrlik olimlar, jumladan Zaabal Magdi Muhammad, Shihata Abu  Shusha, Ahmad Sa’d Damanhuri, Ahmad Musa, Muhammad Ali Avaz va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Professor Bahrom Abduhalimov boshchiligidagi o`zbekistonlik olimlar Ne’mat Jabborov, Ibrohim Usmonov, Saidakbar  Muhammadaminov, Faxriddin Ibragimov, Zafar Fahriddinovlar o‘z ma’ruzlari bilan ishtirok etishdi. Konferensiyada Misr va O‘zbekistonning  qadimiy  ilm-fan va madaniy sohadagi aloqalari, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir olimlarning ilmiy merosini o‘rganishning muhim  ahamyatlari, Misrda mavjud bo‘lgan yurtimiz tarixiga oid qo‘lyozmalar, shuningdek, mamlakatimizda  mavjud bo‘lgan Misr tarixiga oid qo‘lyozmalarni  o‘rganib, ularni ilmiy muomalaga kiritishning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’ruzalar tinglandi. Anjuman yakunida misrlik olim Ahmad Muso Institut kutubxonasiga arab tilida ilk bor nashr etilgan “Mahmudxo`ja Behbudiy” nomli kitobini taqdim etdi. 

Ushbu anjuman munosabati bilan Misr hayoti bilan bevosita bjg`liq bo`lgan misrlik va o`zbekistonlik buyuk mutafakkir  olimlarning O‘zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qo`lyozmalar fondida saqlanayotgan qo‘lyozma asarlaridan iborat madaniy ko‘rgazma tashkil etildi. Misrlik olim Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505)ning  № 1226-ashyoviy raqam bilan saqlanayotgan ziynatli “Tafsiri Jalolayn” (“Qur’on tafsiri”). qo‘lyozmasi ko`rgazmada namoyish etilgan qo`lyozmalar gultoji hisoblanadi (ko`rgazmada namoyish etilgan qo`lyozmalar ro`yxati ilova etiladi).

  Mazkur ko‘rgazma va anjuman kelgusida ikala tomon o`rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada  rivojlanishiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi. 

 

2023-yil 22-avgust kuni ko`rgazmada namoyish etilgan qo`lyozmalar ro`yxati

 

  1. “Ashboh van-nazoir” Muallifi Ibn Nujaym al-Misriy (1519-1562).

Fiqhga oid asar. №12081/2.

  1. “Al-Munabbihot”. Muallifi Ibn Hajar al-Asqaloniy (1372-1448).

Hadisga oid asar. № 11298/3.

  1. “Al-mavohib al-laduniya”. Muallifi: Abul Abbos Shihobuddin Ahmad ibn Muhammad ibn Abu Bakr Qastaloniy (1448-1517). Islom tarixi va siyratga oid asar. №1491.
  2. “Al-Mezon ash-sha’roniya”. Muallifi: Shayx Abdulvahhob ash-Sha’roniy (1493-1565). Tasavvufga oid asar. №2651. 1670 yili ko‘chirilgan.
  3. “Kitob al-Ansob” (Geneologiya). Muallifi: Shixab ad-Din Abu-l-Abbas Axmad ibn Ali al-Kalkashandi (1355-1418). Nasablar va taniqli shaxslar bibliografiyasi va geneologiyasiga oid asar. № 566/3.
  4. “Fath al-Boriy sharhi Sahih al-Buxoriy”. Ibn Hajar al-Asqaloniy (1372-1448). “Sahihi Buxoriy”ning dunyo bo‘yicha eng mashhur sharhi. 2-jildi. № 6222.
  5. “Al-Itqon fi ulum al-Qur’on”. Muallifi: Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505). Qur’on ilmlari nazariyasiga oid asar. № 6782/1.
  6. “Risola fi ma’rifat ad-dunyo” (Dunyoni anglash risolasi). Muallifi: Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505). Islom falsafasiga doir asar. № 8329/21.
  7. “Tafsiri Jalolayn”. Muallifi: Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505). Qur’on tafsir. № 1226. Ziynatli qo‘lyozma.
  8. “Al-Hidoya” Misrda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasi. № 3019/1.
Page 25 of 64

BIZ BILAN BOG'LANISH

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…