Yaqinda Saudiya Arabistonining Riyoz shahrida Osiyo arabshunoslarining I Xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. Unda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O’zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduxalimov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashdi.
Saudiya Arabistonidagi Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Osiyo qit’asining 18-ta davlatidan taklif etilgan arabshunos olimlar va ushbu qit’a mamlakatlari bilan qiziqqan 100 nafardan ziyod tadqiqotchi hamda akademiklar ishtirok etdi.
Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi direktori, doktor Yahyo Mahmud bin Junaydkonferensiyada so‘z olib, ushbu tadbirni tashkil etishdan maqsad ma’rifiy aloqalarni tiklash, rivojlantirish, shuningdek, Osiyo arabshunoslarini kelajakda hamkorlikda tadqiqotlar olib borishlari uchun zamin va shart-sharoitlar yaratish, ularning xizmatlarini munosib baholash hamda rag‘batlantirish kabi masalalarni amaliyotga tadbiq etish davr talabi ekanligini qayd etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston diyorida tug‘ilib, tahsil olib va asrlar davomida arab tilida ijod qilgan bir qator buyuk hadisshunoslar, mutafakkirlar va olimlarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini hamda allomalardan qolgan tarixiy qo‘lyozma manbalar bugungi kunda qanchalik bebaho ekanligini ta’kidladilar.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilganligi yuksak e’tirofga sazovor ekanligini ta’kidlanib, mazkur anjuman ishtirokchilarining kelgusidagi faoliyatiga xos va mosligi qayd etildi. Konferensiya doirasida tashkil etilgan Osiyolik rassomlarning 50ga yaqin san’at asarlari namoyishi bilan birgalikda arab yozuvidagi xattotlik ko‘rgazmasi ham qatnashchilarga manzur bo‘ldi.
O‘z navbatida O‘zbekistonning Saudiya arabistonidagi elchixonasi vakillari va mamlakatimizdan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari ishtirokida “davra suhbati” uyushtirildi. Tadbir O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy-ma’rifiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Arab mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish va jadallashtirish hamda tarixiy qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish jarayonida arab tili mutaxassislarining ishtirokini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi tarjimonlik kurslarida o‘zbekistonlik talabalarning qatnashishini tashkil etish lozimligi ham qayd etildi. Tadbirda, shuningdek, Saudiya Arabistoni kutubxonalarida Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy-ijodiy qo‘lyozmalari va muzeylaridagi O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan asori-atiqalarni o‘rganish kabi mavzular ham “davra suhbati”da muhim joy egalladi.
“Dunyo” AA