Kuni kecha Iordaniya poytaxti Amman shahrida nufuzli “Xutut va zilol” nashriyot-matbaa uyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi Komiljon Rahimov muallifligida tasavvuf tarixi bo‘yicha 470 betdan iborat “Movarounnahr tasavvufi ildizlari (tarixi):ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII – XI asrlar)” sarlavhali darslik-monografiya chop etildi. E’tiborli jihati, Iordaniyadagi Ahli Bayt universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur qo‘llanmadan darslik sifatidan ham foydalaniladi.
Qadimiy Movarounnahr tasavvuf vujudga kelgan va keng ildiz otgan o‘lkalardan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining XII asrgacha, ya’ni so‘fiylik tariqati paydo bo‘lgunga qadar kechgan davri mazkur ta’limot rivojida muhim o‘rin egallab, sohaning umumiy taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratgan. So‘fiy ajdodlarimiz ayni yo‘nalishdagi poydevor asarlarida o‘sha davrda tarqoq shakl kasb etgan ta’limotni yagona tizimga solishga erishgan. IX asrda Hakim Termiziy boshlab bergan tasavvufni tizimlashtirish X asr oxiri-XI asr boshida Kalobodiy Buxoriy va Mustamliy Buxoriylar tomonidan nihoyasiga yetkazildi. Bu ish XII asrdan boshlab islom dunyosining turli o‘lkalari, jumladan qadimiy Movarounnahrda vujudga kela boshlagan so‘fiylik tariqati shakllanishi uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qildi.

So‘zboshida Iordaniya Ahli Bayt universiteti professori, doktor Amin Yusuf Avda hamda Misr Arab Respublikasi Iskandariya universiteti professori, doktor Sa’d Abdulg‘affor darslikka shunday ta’rif bergan:
Sharqshunos, manbashunos, bitikshunos, islomshunos-tasavvufshunos, tarix fanlari doktori (DsC) Komiljon Rahimovning mazkur monografiyasida Markaziy Osiyo tasavvufiga doir so‘fiylikkacha bo‘lgan davrning ushbu yo‘nalish bilan bog‘liq muhim xususiyatlari, asosiy g‘oyalari tadqiq etilgan. Tariqatning yirik namoyandalari, shuningdek Kalobodiy Buxoriy bitgan “At-Ta’arruf” va Mustamliy Buxoriy qalamiga mansub “Sharh at-Ta’arruf” asarlarining so‘fiylik manbalari orasidagi o‘rni, muhim asar sifatidagi beqiyos ahamiyati hamda bu qo‘llanmalarning keyingi tasavvuf manbalariga ta’siri ochib berilgan.
Aytish joiz, shu paytgacha jahon sharqshunosligida tasavvuf tarixi va ta’limoti keng o‘rganilgan bo‘lsa-da, turli mamlakatlar tadqiqotchilari mavzuga o‘z davlati yoxud tegishli ilmiy-madaniy yoki mafkuraviy doiraga ma’qul keladigan qarashdan kelib chiqib yondashgan. Shu bois tasavvufning tarixi va bosqichlari, so‘fiylikning ta’limoti va tarkibiy unsurlari, yo‘nalishga oid mavjud maktab, oqim va tariqatlar borasida turli-tuman xulosalar paydo bo‘lgan. Aniqrog‘i, aksariyat xorijlik sharqshunoslar islom dunyosining boshqa mintaqalari qatorida Markaziy Osiyoda ham turfa maktablardan alohida tasavvuf maktabi shakllangani va yo‘nalish taraqqiyotida muhim o‘rin tutganiga e’tibor bermagan. O‘zbek tasavvufshunosligida esa IX-X asrlarda yashab o‘tgan Hakim Termiziy ijodiga bag‘ishlangan alohida tadqiqotni aytmaganda, o‘lkamiz tasavvufi tarixi asosan XII asrdan – Yassaviya va Hojagon-Naqshbandiya tariqatlari vujudga kelgan davrdan boshlab o‘rganilgan. Avvalgi davr, deyarli, tadqiq qilinmagan.
Yosh o‘zbek tasavvufshunosi Komiljon Rahimov ushbu monografik tadqiqotidagi bo‘shliqni to‘ldirish – o‘lkamiz tasavvufining hanuz e’tibordan chetda qolib kelgan muhim davri – VIII-XI asrlarga doir tarixini, umumiy tarzda bo‘lsa-da, yoritishga uringan. Eng muhim, shu davrda boshqa mintaqaviy tasavvuf maktablaridan mustaqil Markaziy Osiyo tasavvuf maktabi shakllangani va rivojlanganini isbotlashga erishgan.
Markaziy Osiyo tasavvufi ilmiy-nazariy tabiatga ega bo‘lgani – so‘fiy ajdodlarimiz faqat amaliyot bilan shug‘ullanmasdan, tasavvufga bag‘ishlangan asarlar yaratish orqali yo‘nalishga ilmiy-nazariy tus berishga ulkan hissa qo‘shgani ko‘rsatib berilgani mazkur asarning yana bir muhim xususiyatidir.
Ushbu tadqiqot nafaqat Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining bizga yaxshi ma’lum bo‘lmagan davrini yoritish, balki aynan o‘sha bosqich XII asrdan boshlab vujudga kela boshlagan tariqatlar, xususan Xojagon-Naqshbandiya tariqati shakllanishi uchun asos bo‘lib xizmat qilganini ko‘rsatib bergani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Umuman, Komiljon Rahimov tadqiqotlari xorijiy mamlakatlarda keng e’tirof etilmoqda. Masalan, uning “Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar)” monografiyasi (Toshkent, 2021) shu kunga qadar Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Iordaniyada rus, tojik, qozoq, ozarboyjon, turk va arab tillariga, “Hojagon-Naqshbandiya tariqati va yetti pir” (Toshkent, “O‘zbekiston”, 2020) monografiyasi Rossiya, Turkiya va Eronda rus, turk va fors tillariga, “Xojagon-Naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot” (Toshkent, 2022) monografiyasi esa Rossiya va Turkiyada rus va turk tillariga tarjima qilinib, nashr etildi.
Ayni mavzudagi so‘nggi tadqiqot misolida esa Markaziy Osiyo tasavvufi tarixini o‘rganishga nisbatan yangicha yondashuv vujudga kelganini anglash mumkin. Bunday yondashuv yangidan-yangi izlanish va tadqiqotlar uchun turtki berishi, jumladan o‘lkamiz tasavvufi tarixining chuqur o‘rganilmagan davri, ta’limot vakillarining hayoti va ijodiyy faoliyati, shu yo‘nalishdagi mavjud asarlar ham har tomonlama, yaxlit, tizimli va teran tadqiqot ob’ektiga aylantirilishidan umidvormiz.
Muharrama Pirmatova, O‘zA