O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro ilmiy konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti olimlari ham faol ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli anjumanda Amir Temur davri tarixi, temuriylar merosi, davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Konferensiya doirasida institut vakillari o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashib, soha bo‘yicha olib borayotgan tadqiqotlari natijalarini taqdim etdi.
Konferensiyada mahalliy hamda xorijlik yuzdan ortiq olimlar ishtirok etdi. Bunday xalqaro ilmiy anjumanlar buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, uni xalqaro ilmiy jamoatchilikka keng targ‘ib etish hamda tarixiy xotirani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sharqshunoslik instituti jamoasi bundan buyon ham milliy tariximiz va boy ilmiy-ma’naviy merosimizni tadqiq etish hamda targ‘ib qilish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.








