2026-yil 10-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi DSc.05/2025.27.12.Tar.06.01 raqamli Ilmiy kengash majlisida ikki nafar tadqiqotchining tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Xusnutdinov Filipp Romanovich – O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi. Uning “Intellektualnaya biografiya Sayyida Maxmuda Tarazi – predstavitelya emigratsii ‘ulama’ iz sovetskoy Sredney Azii v Saudovskuyu Araviyu” mavzusidagi dissertatsiyasi 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari ixtisosligi bo‘yicha himoya qilindi. Tadqiqotda XX asrda Markaziy Osiyodan Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgan ulamolar vakili, Saudiya Arabistonidagi o‘rtaosiyolik muhojirlar jamoasining ma’naviy yetakchilaridan biri Sayyid Mahmud Taraziyning hayoti, ilmiy-ma’rifiy faoliyati va intellektual merosi tadqiq etilgan.
Tojiyev Dostonjon Beknazar o‘g‘li – O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi. Uning “Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilmiy va madaniy hamkorlik” mavzusidagi dissertatsiyasi 07.00.03 – Jahon tarixi ixtisosligi bo‘yicha himoya qilindi. Mazkur tadqiqotda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikning shakllanishi, rivojlanish bosqichlari hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning asosiy mexanizmlari tahlil qilingan.
Ilmiy kengash majlisida dissertatsiyalar yuzasidan ilmiy kengash a’zolari va mutaxassislar tomonidan fikr-mulohazalar bildirilib, tadqiqotlarning ilmiy natijalari muhokama qilindi. Har ikki tadqiqotchi ham dissertatsiya himoyasini muvaffaqiyatli yakunlab, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun zarur bosqichni muvaffaqiyatli o‘tdilar. Filipp Xusnutdinov va Dostonjon Tojiyevni ushbu ilmiy yutuq bilan samimiy muborakbod etamiz! Ularga kelgusidagi ilmiy faoliyatida yangi izlanishlar, muhim ilmiy natijalar va muvaffaqiyatlar tilaymiz.