30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bugun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Biz yagona Vatan farzandlarimiz” mavzusida ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi rahbariyati, taniqli olimlar, ilmiy xodimlar va yosh tadqiqotchilar, shuningdek, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Saodat Davlatova ishtirok etdi.
Davra suhbati “Ilm-fan — do‘stlik ko‘prigi” shiori ostida o‘tkazilgani tadbirning alohida ahamiyatini belgiladi. Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Toshkent shahar kengashi deputati Bahrom Abduhalimov o‘z nutqida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ilm-fan namoyandalari jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ma’rifiy kuch ekani qayd etildi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv yakunida yurtimizdagi tinchlik, hamjihatlik va millatlararo do‘stlik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning muhim burchi ekani yana bir bor ta’kidlandi.








