O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida muhim xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “O‘zarxiv” agentligi vakillari hamrohligida O‘mon Sultonligi Hujjat va arxivlar boshqarmasi direktori Hamad bin Muhammad al-Davyaniy hamda O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi favquloda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy xonim boshchiligidagi delegatsiya institutga tashrif buyurdi.
Tashrifning ilk qismida mehmonlar Sharqshunoslik institutining tarixi, bugungi kundagi ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda dunyo miqyosida e’tirof etilgan qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdilar.
O‘monlik delegatsiya vakillari fondda saqlanayotgan noyob qadimiy sharq qo‘lyozmalari, tarixiy hujjatlar va asarlarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar. Mutaxassislar tomonidan bu nodir manbalarni asrash, konservatsiya qilish, restavratsiya etish hamda ularni raqamlashtirish bo‘lib o‘tayotgan amaliy jarayonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng institut rahbariyati, yetakchi olimlar va tadqiqotchilar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi tarixiy, ilmiy-madaniy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zaro tajriba almashinuv maydonini yaratish masalalari keng muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida O‘mon Sultonligining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yangi binosi qurilishidagi ishtirokiga oid film namoyish etildi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va O‘mon sultonligi o‘rtasida qadimiy qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, arxivshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.








