Wednesday, 02 September 2026 09:57

O'MON MATBUOTI INSTITUTNING XALQARO HAMKORLIGI HAQIDA

Rate this item
(0 votes)

O'monning “Oman Daily” nashrida “O'mon Sultonligi va O‘zbekiston hujjatshunoslik hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Maqolada Sultonlik Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi doktor Hamad bin Muhammad al-Daviyoniy boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi yoritilgan. Delegatsiyaga O'mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchisi Vafa bint Jabr al-Busaidiy hamrohlik qilgan.

Tashrif davomida delegatsiya Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi qator ilmiy, madaniy hamda arxiv muassasalari, jumladan, Imom Buxoriy markazi, Buxoro davlat universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan tanishgan.

Nashrda O'mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida ilgari imzolangan hamkorlik memorandumini amaliy jihatdan faollashtirishga kelishilgani alohida qayd etilgan. Xususan, mikrofilmlashtirish, qo‘lyozmalarni ta’mirlash va saqlash, kataloglarni o‘rganish, ikki tomon uchun mushtarak ahamiyatga ega qo‘lyozmalar nusxalarini almashish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va nashrlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilingan.

Doktor Hamad bin Muhammad al-Dhaviyoniy ikki mamlakatni bog‘lab turuvchi tarixiy va sivilizatsiyaviy rishtalarga tayangan holda hujjatshunoslik hamda ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, aniq dasturlar asosidagi hamkorlik bilim va tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mushtarak hujjatli merosni asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va O'mon o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, qo‘lyozma merosini tadqiq etish va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.

Read 4 times Last modified on Wednesday, 02 September 2026 10:05

BIZ BILAN BOG'LANISH

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…