O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida rahbariyat almashinuvi munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Ayupov Shavkat Abdullayevich, Institut rahbariyati va jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida shu vaqtga qadar Institut direktori lavozimida faoliyat olib borgan tarix fanlari doktori, professor Abduhalimov Bahrom Abdurahimovichning Sharqshunoslik instituti taraqqiyoti, sharqshunoslik ilm-fani rivoji, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh olimlarni tayyorlash borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati alohida e’tirof etildi.
Institut jamoasi nomidan Bahrom Abduhalimovga ko‘p yillik samarali mehnati va Institut rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirildi. Hurmat va ehtirom ramzi sifatida unga milliy to‘n kiydirildi hamda kelgusidagi ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
Shundan so‘ng Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Ayupov Shavkat Abdullayevich Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari direktorlik lavozimlariga o‘tkazilgan tanlov natijalariga muvofiq, tarix fanlari doktori, professor Komiljon Rahmatovich Rahimov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori etib tayinlanganini ma’lum qildi va uni Institut jamoasiga tanishtirdi.
Yangi direktor Komiljon Rahimovga Institutning boy ilmiy an’analarini izchil davom ettirish, sharqshunoslik sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, qo‘lyozma merosini o‘rganish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi.
Institut jamoasi professor Bahrom Abduhalimovga ko‘p yillik fidokorona faoliyati uchun chuqur minnatdorlik bildiradi hamda Institutning yangi direktori Komiljon Rahmatovich Rahimovga kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.







