2026-yil 22-oktabr kuni soat 10:00 da O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Ibn Sino – G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 575-sonli qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Ushbu konferensiya 2030-yilda alloma tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lidagi muhim amaliy bosqich bo‘ldi.
An’anaviy va Zoom platformasi orqali masofaviy shaklda o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston, Tojikiston, Eron, O‘mon, Misr, Yaponiya, Fransiya va Afg‘oniston kabi davlatlardan yetakchi sharqshunos, faylasuf, matnshunos va tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan olimlar ishtirok etdi. Dastur doirasida 3 ta tilda (o‘zbek, ingliz va rus) jami 34 ta ilmiy ma’ruza tinglandi.
Anjumanda Abu Ali ibn Sinoning Sharq va G‘arb ilm-fani taraqqiyotidagi o‘rni, falsafiy va tibbiy qarashlari, qo‘lyozma asarlarini tadqiq etish hamda ilmiy merosini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi. Ma’ruzalarda alloma asarlaridagi nazariy qarashlar, ularning tarixiy manbalari va zamonaviy tadqiqotlardagi talqinlari yoritildi.