SJ News II - шаблон joomla Авто

"ADOLAT" SOSIAL-DEMOKRATIK PARTIYASI

Thursday, 09 August 2018 13:29

RFA Sharq qo`lyozmalari institutida O`zbekistonning boy madaniy merosi namoyish etildi

Rate this item
(0 votes)

Rossiyaning Sankt-Peterbrug shahrida, asov Neva daryosi sohilida Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari instituti joylashgan. Bu dargohda O`zbekistondan keltirilgan yoxud o`zbek xalqining boy madaniy merosiga taalluqli o`nlab bebaho qo`lyozmalari saqlanadi. Ulardan biri milodiy VIII asrda arab alifbosining ko`fiy-hijoziy xatida ko`chirilgan Qur`oni karim nusxasidir. Qo`lyozmaning bir nechta sahifasi O`zbekistonda, Qashqadaryo viloyatida, Toshkert va Buxoro shaharlarida saqlanmoqda. Qolgan sahifalar qaerda ekani ayni paytgacha noma`lumligicha qolayotir. 

Ma`lumotlarga ko`ra, bu kitob bir paytlar Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Katta Langar qishlog`ida, tasavvufdagi Ishqiya tariqati shayxlari xonaqohida saqlangan. Shu bois ushbu qo`lyozma ilmiy jamoatchilik orasida “Katta Langar Qur`oni” nomini olgan. Kitobning katta qismi – 81 sahifasi qanday qilib Rossiyaga borib qolgani haqida ham turli-tuman taxminlar mavjud. U Sharq qo`lyozmalari institutiga o`tgan asrning 30-yillari oxirida keltirilgan.

Keyingi yillarda bir qator olimlarning ilmiy izlanishlari, zamonaviy tekshiruvlar natijasida O`zbekiston va Rossiyada saqlanayotgan sahifalar aynan bitta qo`lyozmaning tarkibiy qismlari ekani, ular chindan ham bundan 13 asr muqaddam ko`chirilgani aniqlandi. Mutaxassislar fikricha, u Qur`oni karimning Islom olamidagi eng qadimiy va mo``tabar nusxalaridan biri hisoblanadi.

2017 yilda “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasi doirasida Evropa texnologiyalari asosida “Katta Langar Qur`oni”ning faksimile nusxalari yaratildi. Mazkur nusxalar o`tgan vaqt davomida mamlakatimizdagi bir qator ilmiy va diniy muassasalarga tarqatildi.

Ushbu nusxalardan bir nechtasi “O`zbekiston madaniy merosi – Xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi doirasida Sankt-Peterburgga keltirildi. Ulardan biri qo`lyozmaning asl nusxasi saqlanayotgan Sharq qo`lyozmalari institutiga sovg`a qilindi.

– Bir qarashda bu biroz g`alati tuyulishi mumkin, - deydi loyiha rahbari, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov. – Avvalo bu ushbu nodir qo`lyozmadan nusxa olish imkonini bergan institut rahbariyatidan minnatdorligimiz ifodasi. Qolaversa, mazkur qo`lyozmani tadqiq qilmoqchi bo`lgan olim va mutaxassislar uchun faksimile nusxasi juda qo`l keladi. Asl nusxa esa, instittning bebaho xazinasi sifatida daxlsizligicha qolishi lozim.

O`zbekistondan borgan delegasiya a`zolari institutga shuningdek, O`zbekistondagi madaniy yodgorliklar va ulardagi bitiklar haqda hikoya qiluvchi “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlar to`plami tuhfa qilindi.

— O`zbekistonga oid qo`lyozmalarni haqiqiy ma`noda institumizning faxri deb ayta olamiz, – deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari instituti direktor Irina Popova. – O`zbekiston hukumati va ilmiy jamoatchiliining o`z xalqi madaniy merosini tadqiq etishga qaratilgan tashabbus va harakatlari tahsinga loyiq. Bizning institutimiz eshiklari o`zbekistonlik mehmonlar, tadqiqotchilar, olimlar uchun hamisha ochiq. Siz bilan hamkorlik qilishdan hamisha mamnuniyat hissini tuyamiz.

Sankt-Peterburgda o`tayotgan “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi doirasida mazkur ilmiy dargohda “Sharq qo`lyozmalari institutida Sharq kitobat san`atining nodir durdonalari” nomli ko`rgazma ham tashkil etildi. Ko`rgazma ishtirokchilariga “Katta Langar Qur`oni”ning asl nusxasi sahifalari, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Alisher Navoiyning “Kullliyoti”, “Lisonut-tayr”, “Vaqfiya” singari asarlari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo`qon singari shaharlarimizda yaratilgan kitobat san`atining nodir namunalari namoyish etildi.

http://naesmi.uz/uz/site/page.html?id=29673

Read 3100 times Last modified on Tuesday, 06 July 2021 12:16

BIZ BILAN BOG'LANISH

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…