BUYUK MUTAFFAKIR VA QOMUSIY OLIM ABU RAYHON BERUNIY TAVALLUDINING 1050 YILLIGIGA BAG‘ISHLANADI
PRESS-RELIZ
Joriy yilning 22-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida buyuk mutafakkir va qomusiy olim “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-avgustdagi “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi 361-sonli qaroriga muvofiq Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati, uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni o‘tkazish vazifalari belgilangan. Bu tom ma’noda buyuk tariximizni, ilmiy merosimizni jahonga namoyish etish uchun tashlangan yana bir qadamdir. Qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosini ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish nafaqat tarixiy bilimlarni mustahkamlashga, balki yosh avlodga haqqoniy o’tmishimizni anglatish, jahon maydonida O’zbekistonning ijobiy imidjini yanada yaxshilash jihatidan ham ahamiyatlidir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning 25-28-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati, uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanini o‘tkazish rejalashtirildi.
Mazkur anjumanda 15 ta davlatdan (Turkiya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston, Xitoy, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, Rossiya) 20 nafar xorijiy mehmon, taniqli olimlar va ziyolilar, yozuvchi, shoirlar, san’at va madaniyat vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan iborat 200 nafar Respublikamizning barcha hududlaridan mutahassis olimlar, jurnalist va blogerlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida, shuningdek, ta’lim tashkilotlari va mehnat jamoalarida keng targ‘ib qilish maqsadida qator tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirildi. Shu bilan birga Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosi, uning insonparvarlik g‘oyalarini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida “Ma’naviy barkamol avlod – barqaror jamiyat bunyodkori” mavzusida o‘quvchi yoshlar bilan davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Abu Rayhon Beruniyning “Kitob as-saydana fi-t-tibb” nomli kitobi tayyorlanmoqda. Ushbu kitob bizgacha yagona nuqsonli qo‘lyozmada yetib kelgan “Tabobatda dorishunoslik” nomli arab tilidagi so‘nggi asarining o‘zbek tiliga to‘liq ilmiy izohli tarjimasidir. Bu asar o‘rta asrlar musulmon Sharqidagi dorishunoslik tarixiga oid qimmatli manba bo‘lib, unda o‘simlik, ma’daniy, hayvon a’zo va mahsulotlaridan iborat mingdan ortiq dorining tavsifi hamda turli til va lahjalardagi nomlanishi berilgan. Kitobda Beruniyning dorishunoslik, geografiya, botanika, zoologiya va filologiyaga qo‘shgan hissasi aniq bayon etib berilgan.
Shu bilan birga, “Abu Rayhon Beruniyning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari” nomli risola tayyorlandi. Mazkur risolada Beruniyning hayoti va ilmiy merosi hamda ijtimoiy- siyosiy qarashlarini talqin etilgan.
Beruniyning ilmiy merosi matematika, astronomiya, jo‘g‘rofiya, minerologiya, tarix, etnografiya, filologiya va falsafaga doir 150 ta asarni o‘z ichiga oladi. Beruniy arab, fors, yunon va sanskrit tillarini bilgan va bir tildan boshqasiga tarjima qilishning tabiiy-ilmiy terminologiyalari qoidalarini ishlab chiqqan.
Buyuk bobokalonimizning xotirasini ulug’lash, uning nomini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, millatsevarlik tuyg’ularini va ilmga bo’lgan rag’batni yanada oshirish muhimdir. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yuqoridagi qaror Abu Rayhon Beruniyning ilm yo‘lida erishgan natijalarini chuqurroq o‘rganish, keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, shuningdek jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilishiga zamin yaratadi.
https://t.me/marifat_jamiyati