Joriy yilning 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida akademik Ubaydulla Karimov nomidagi sharqshunoslarning an’anaviy XX xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi tizimidagi institut va muzeylar, bir nechta OTMlar, boshqa bir qator mahalliy va xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari hamda rahbarlari ishtirok etdi. IRCICA xalqaro tashkiloti, Ohayo universiteti (AQSh), Sukuba universiteti (Yaponiya), Boku davlat universiteti (Ozarbayjon), Erciyes universiteti (Turkiya), , Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Folklor instituti (Ozarbayjon), Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti (Ozarbayjon), Ondokuz Mayıs universiteti (Turkiya), Ukraina milliy universiteti (Ukraina), Xitoy tadqiqoti markazi (Qozog‘izton), R.B.Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti (Qozog‘iston), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Alfraganus universiteti, Milliy arxeologiya markazi, Buxoro davlat universiteti, Buxoro innovatsiyalar universiteti, Ma’mun universiteti, Termiz davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Andijon davlat universiteti, Oriental universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti v.b. shular jumlasidandir.
Mazkur anjuman mamlakatimiz va xorijiy mamlakatlardan yetakchi sharqshunos olimlar, tarixchilar, filologlar, islomshunoslar va boshqa mutaxassislarni bir maydonga jamladi. Tadbir O‘zbekistonning boy ilmiy va madaniy merosini chuqur tadqiq qilish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni ilgari surish va xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Konferensiya ishini O‘zR FA vitse-prezidenti, Sharqshunoslik instituti direktori, t.f.d., professor Bahrom Abduhalimovning ochilish nutqi boshlab berdi. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, f.f.n., professor Gulchehra Rixsiyeva va IRCICA Bosh direktori Prof. Dr. Mahmud Erol Kılıç tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Yalpi majlisda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Yaponiya, Eron, Turkiya va boshqa davlatlardan qatnashgan olimlarning Markaziy Osiyo tarixi, madaniy merosi, islomshunoslik, filologiya va manbashunoslik sohalariga oid ilmiy ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya doirasida bir nechta sho‘balar faoliyat yuritdi: Tarixshunoslik va manbashunoslik, Markaziy Osiyo tarixi, Islomshunoslik, Filologiya va adabiy manbashunoslik, Xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi kabi mavzular bo‘yicha 80 dan ortiq ilmiy ma’ruza taqdim etildi. Har bir sho‘bada soha yetakchilari moderatorlik qilib, dolzarb mavzular atrofida keng ilmiy munozaralar olib borildi.
Mazkur konferensiya ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, yangi tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash va yosh tadqiqotchilarning faolligini oshirishda muhim platforma sifatida xizmat qildi.