SJ News II - шаблон joomla Авто

""Adolat" sosial-demokratik partiya Siyosiy Kengashi raisi"

Friday, 25 August 2023 14:24

Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida

Rate this item
(0 votes)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirish, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 avgustdagi “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ–361-son qaroriga muvofiq:

1. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma), YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasining:

YUNESKO bilan hamkorlikda sun’iy idrok sohasida odob-axloqni targ‘ib etish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etish;

Parij shahridagi (Fransiya) YUNESKO bosh qarorgohida 2023 yil 4–8 sentyabr kunlari Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarни (keyingi o‘rinlarda – Ko‘rgazma) yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.

2. Quyidagilar:

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamg‘arma:

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Ko‘rgazmada taqdim etish uchun dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar nusxalaridan iborat Ko‘rgazmaga bag‘ishlangan maxsus katalogning ingliz va o‘zbek tillarida chop etilishini ta’minlasin;

Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining konsert дастурини yuqori saviyada tashkil etsin.

4. Tashqi ishlar vazirligi Jamg‘arma buyurtmanomasiga binoan, Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun taklif etilgan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, xalqaro konsultantlar va tadbir mehmonlarining chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Ko‘rgazmani yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga ko‘maklashsin.

5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etish hamda Ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbalarini belgilasin, shuningdek, uning xarajatlar smetasini tasdiqlasin.

Belgilansinki, Jamg‘arma ushbu qaror ijrosi doirasida xarajatlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq mablag‘lar ajratilguniga qadar o‘z mablag‘lari hisobidan shartnomalar tuzadi va to‘lovlarni amalga oshiradi, shuningdek, mablag‘lar ajratilgandan so‘ng Jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘lar qoplab beriladi.

6. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

           

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                                      Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 25 avgust

 

https://uza.uz/oz/posts/abu-rayhon-beruniy-nomidagi-yunesko-ozbekiston-xalqaro-mukofotini-tasis-etishni-qollab-quvvatlash-togrisida_514440

Read 185 times

BIZ BILAN BOG'LANISH

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…