2023-yilning 22-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “O‘zbekiston va Misr munosabatlari: tarix va hozirgi zamon” mavzusidagi konferensiya o‘tkazildi. Mazkur konferensiyada Misr Arab Respublikasi Milliy kutubxona va arxivlar muassasasi direktori Professor Usoma Tal’at boshchiligidagi misrlik olimlar, jumladan Zaabal Magdi Muhammad, Shihata Abu Shusha, Ahmad Sa’d Damanhuri, Ahmad Musa, Muhammad Ali Avaz va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Professor Bahrom Abduhalimov boshchiligidagi o`zbekistonlik olimlar Ne’mat Jabborov, Ibrohim Usmonov, Saidakbar Muhammadaminov, Faxriddin Ibragimov, Zafar Fahriddinovlar o‘z ma’ruzlari bilan ishtirok etishdi. Konferensiyada Misr va O‘zbekistonning qadimiy ilm-fan va madaniy sohadagi aloqalari, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir olimlarning ilmiy merosini o‘rganishning muhim ahamyatlari, Misrda mavjud bo‘lgan yurtimiz tarixiga oid qo‘lyozmalar, shuningdek, mamlakatimizda mavjud bo‘lgan Misr tarixiga oid qo‘lyozmalarni o‘rganib, ularni ilmiy muomalaga kiritishning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’ruzalar tinglandi. Anjuman yakunida misrlik olim Ahmad Muso Institut kutubxonasiga arab tilida ilk bor nashr etilgan “Mahmudxo`ja Behbudiy” nomli kitobini taqdim etdi.
Ushbu anjuman munosabati bilan Misr hayoti bilan bevosita bjg`liq bo`lgan misrlik va o`zbekistonlik buyuk mutafakkir olimlarning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qo`lyozmalar fondida saqlanayotgan qo‘lyozma asarlaridan iborat madaniy ko‘rgazma tashkil etildi. Misrlik olim Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505)ning № 1226-ashyoviy raqam bilan saqlanayotgan ziynatli “Tafsiri Jalolayn” (“Qur’on tafsiri”). qo‘lyozmasi ko`rgazmada namoyish etilgan qo`lyozmalar gultoji hisoblanadi (ko`rgazmada namoyish etilgan qo`lyozmalar ro`yxati ilova etiladi).
Mazkur ko‘rgazma va anjuman kelgusida ikala tomon o`rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada rivojlanishiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
2023-yil 22-avgust kuni ko`rgazmada namoyish etilgan qo`lyozmalar ro`yxati
- “Ashboh van-nazoir” Muallifi Ibn Nujaym al-Misriy (1519-1562).
Fiqhga oid asar. №12081/2.
- “Al-Munabbihot”. Muallifi Ibn Hajar al-Asqaloniy (1372-1448).
Hadisga oid asar. № 11298/3.
- “Al-mavohib al-laduniya”. Muallifi: Abul Abbos Shihobuddin Ahmad ibn Muhammad ibn Abu Bakr Qastaloniy (1448-1517). Islom tarixi va siyratga oid asar. №1491.
- “Al-Mezon ash-sha’roniya”. Muallifi: Shayx Abdulvahhob ash-Sha’roniy (1493-1565). Tasavvufga oid asar. №2651. 1670 yili ko‘chirilgan.
- “Kitob al-Ansob” (Geneologiya). Muallifi: Shixab ad-Din Abu-l-Abbas Axmad ibn Ali al-Kalkashandi (1355-1418). Nasablar va taniqli shaxslar bibliografiyasi va geneologiyasiga oid asar. № 566/3.
- “Fath al-Boriy sharhi Sahih al-Buxoriy”. Ibn Hajar al-Asqaloniy (1372-1448). “Sahihi Buxoriy”ning dunyo bo‘yicha eng mashhur sharhi. 2-jildi. № 6222.
- “Al-Itqon fi ulum al-Qur’on”. Muallifi: Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505). Qur’on ilmlari nazariyasiga oid asar. № 6782/1.
- “Risola fi ma’rifat ad-dunyo” (Dunyoni anglash risolasi). Muallifi: Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505). Islom falsafasiga doir asar. № 8329/21.
- “Tafsiri Jalolayn”. Muallifi: Jaloliddin as-Suyutiy (1445-1505). Qur’on tafsir. № 1226. Ziynatli qo‘lyozma.
- “Al-Hidoya” Misrda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasi. № 3019/1.