2025 yil 16–17 oktyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahridagi Beruniy universiteti hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tashabbusi bilan buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Tadbir insoniyat tarixining eng buyuk olimlaridan biri, entsiklopedik bilim sohibi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy uslubi, falsafasi va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasiga bag‘ishlandi.
Ochilish marosimida Beruniy universiteti rektori prof. Adnan Yuksel, tashkiliy qo‘mita raisi prof. Adnan O‘merusta o‘g‘lu, Istanbul xalqaro madaniyat tadqiqotlari markazi rahbari prof. Bekir Karlig‘a, Turk tili qo‘mitasi rais o‘rinbosari dots. Horun Shohin, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti prof. Bahrom Abduhalimov hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori prof. Sanjarbek Rashidov nutq so‘zladilar.
Simpozium doirasida sakkizta ilmiy sessiya tashkil etildi. Birinchi sessiyada prof. Stiven Frederik Starr, prof. Yan Piter Xogendayk, prof. Bekir Karlig‘a va prof. Bahrom Abduhalimov Beruniyning ilmiy merosi hamda uning turli sohalardagi nazariy qarashlarini tahlil etdilar.
Ikkinchi sessiya madaniyat va sivilizatsiya mavzulariga bag‘ishlanib, professorlar Baxtiyor Karimov, Kemal Ataman va Ma'rifat Hamdamova Beruniyning zamonaviy sivilizatsiya tushunchasiga qo‘shgan ilmiy hissasi haqida ma'ruzalar bilan ishtirok etdilar. Keyingi sessiyalarda falsafa, sotsiologiya, ilmiy etika, tarix, astronomiya, matematika, tibbiyot va manbashunoslik sohalariga oid ma'ruzalar tinglandi. Prof. Surayyo Karimovaning “Beruniy amaliy tibbiyot bilan shug‘ullanganmi?” deya ko‘targan masalasi va uning yechimlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Alohida e'tiborga sazovor jihat – “Beruniy qo‘lyozmalari”ga bag‘ishlangan maxsus sessiya bo‘lib, unda O‘zbekistonlik olimlar dots. Salimaxon Eshonova, dots. Faxriddin Ibragimov, dots. Akbar Nurmatov va Botirjon Abdullayevlarning Beruniy asarlari qo‘lyozma nusxalari hamda ularning ilmiy ahamiyatiga oid faktik ma'lumotlar o‘ziga xos rezonans berdi.
Simpozium yakunlariga ko‘ra, Istanbul Beruniy universiteti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Beruniy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda tadqiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tadbir ikki mamlakat ilmiy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi hamda kelgusida Beruniy merosini yanada atroflicha o‘rganishga qaratilgan xalqaro ilmiy dasturlar uchun mustahkam asos yaratdi.



