Doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur boʻlgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qoʻshimcha mablagʻ ajratib borish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy rahbarlar masʼuliyati va ularni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilindi. Endilikda muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar boʻyicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda natijaga yoʻnaltirilgan ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish koʻzda tutilmoqda.
Yana bir muhim yoʻnalishlardan biri – Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha yangi yondashuvlar taklif etildi.
Bunda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish, ilmiy kengashlar masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini reyting asosida baholash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy daraja berish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish taklif qilindi.
Xususan, hozirgi kunda dissertatsiya himoyasi jarayonida amal qilayotgan tartib-taomillarning 50 foizi raqamlashtirish hisobidan qisqartiriladi.
Mazkur jarayonda koʻp sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bogʻliq ortiqcha talablar bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Bu esa izlanuvchilar uchun qulaylik yaratish, vaqt va mablagʻ sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuchaytirish maqsadida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlarini yoʻlga qoʻyish taklif qilindi.
Ushbu yondashuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda ilmiy izlanishlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va saralash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida loyihalarni baholash tizimini joriy qilish hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishda shaffoflik va samaradorlikni oshirish koʻzda tutilmoqda.
Shu bilan birga, ilmiy faollikning yuqori oʻsish surʼatlari tadqiqot sifati, akademik halollik va ichki ilmiy nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimini joriy etish, ilmiy etika standartlarini takomillashtirish, tadqiqot sifati ustidan taʼsirchan monitoring mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish taklif qilindi.
Xorijda faoliyat yuritayotgan tajribali vatandosh olimlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Jumladan, ilm-fan sohasini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqot madaniyatini mustahkamlash hamda zamonaviy metodologik standartlarni takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi Ilm-fan maslahat kengashini tashkil etish taklifi bildirildi.
